Rossiyadagi Markaziy Osiyo migrantlari Ukrainaga qarshi urushga jalb etilishdan va majburiy harbiy xizmatga tortilishdan qanday qochishi mumkin

Rossiyadagi Markaziy Osiyo migrantlari Ukrainaga qarshi urushga jalb etilishdan va majburiy harbiy xizmatga tortilishdan qanday qochishi mumkin

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi migratsiya siyosatiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi: so‘nggi uch yil ichida mamlakatga kirish va chiqish tartibi, fuqarolikni olish va undan mahrum qilish, shuningdek, chet elliklarning Rossiya armiyasida xizmat qilishi bilan bog‘liq bir qator yangi qonunlar va amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar qabul qilindi. Huquqni qo‘llash amaliyoti, shuningdek jamiyatning migrantlarga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarib bormoqda. Bu haqida “Движение сознательных отказчиков” va “Призыв к совести” huquq himoyachilari bilan hamkorlikda tayyorlagan maqolamizda batafsil o‘qishingiz mumkin.


Sobiq Ittifoq parchalanganidan keyingi Rossiya migratsiya siyosati qanday shakllangani haqida avvalgi materialimizda yozgan edik. Bu maqola esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlangandan keyingi so‘nggi o‘zgarishlar va kuchayib borayotgan tendensiyalarga bag‘ishlangan.

Hanuzgacha Rossiya rahbariyati safarbarlik e’lon qilmasdan armiyani to‘ldirish uchun migrantlar guruhidan foydalanmoqda. Migrantlarni muntazam armiya va shartnoma asosidagi xizmatga jalb qilish usullari turlicha: katta miqdordagi to‘lovlar, Rossiya fuqaroligini tezlashtirilgan tartibda berish, shuningdek kuch ishlatish — xizmatga majburlash, berilgan fuqarolikdan mahrum qilish bilan tahdid qilish yoki shartnoma tuzishda aldov.

Reydlar vaqtida qo‘lga olinganlarni ko‘pincha qo‘rqitishadi, ularni deportatsiya va shartnoma imzolash o‘rtasida tanlov qilishga majbur qilishadi. Migratsiya siyosati bo‘yicha qonunchilik esa bu zo‘ravonlikni “huquqiy asos” bilan mustahkamlab bermoqda.

2023-yil 15-may kuni Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishga doir farmonga, harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzgan chet ellik fuqarolar haqida o‘zgartirishlar kuchga kirdi. 2022-yildagi soddalashtirilgan tartibga ko’ra bir yilga shartnoma tuzgan va 6 oy davomida jangovar harakatlarda qatnashgan yoki jarohat olganlar fuqarolik olishga da’vogarlik qila olardi. Yangi o‘zgartirishlar qabul qilingach, soddalashtirilgan tartibda fuqarolik uchun ariza topshirish uchun bir yilga shartnoma tuzilgani faktining o‘zi kifoya qiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, shartnoma tuzgan shaxsning oila a’zolari ham fuqarolik olishga da’vogarlik qilishi mumkin.

2023-yil 26-oktyabrda yangi fuqarolik to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Unda fuqarolikdan mahrum qilishga asos bo‘ladigan jinoyatlar ro‘yxati kengaytirildi va ularning muddati bekor qilindi. Shuningdek, qonunda fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asosi paydo bo‘ldi — “RF milliy xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlarni sodir etish”, “atayin yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilgan holatlar” bo‘yicha qarorlar qabul qilish tartibi belgilandi. Amalda bu qonun hokimiyatni tanqid qilganlik yoki “xavfsizlikka tahdid” deb baholanishi mumkin bo‘lgan istalgan harakat uchun fuqarolikdan mahrum qilish imkonini beradi. Bunday noaniq iboralar kuch tuzilmalariga keng talqin qilish imkoniyatini beradi. Qonunning o‘zi esa Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri buzadi: natijada Rossiyada keyinchalik fuqarolik olgan odamlar hech qachon mamlakatda tug‘ilganlar bilan teng huquqlarga ega bo‘la olmaydi.

2023-yilning dekabrida ikki kishi harbiy ro‘yxatga turmaganligi uchun Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi. Sud ularning qasamyod qilib, harbiy ro‘yxatga turmagani sababli o‘zlari haqida yolg‘on ma’lumot bergan deb hisoblagan. Mahalliy migratsiya bo‘limi boshlig‘iga ko‘ra, bu “shunday asos bilan Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish bo‘yicha birinchi holat” hisoblanadi.

2024-yil 8-avgust kuni — yana bir qat’iylashtirish: fuqarolik olayotgan shaxslar harbiy komissariatga borishi shart bo‘lgan muddatlar qisqartirildi. Putin fuqarolik olinganidan keyin ikki hafta ichida harbiy ro‘yxatga turmaganlik uchun fuqarolikdan mahrum qilishga imkon beruvchi qonunni imzoladi.

“Harbiy xizmatdan ongli ravishda bosh tortuvchilar harakati” (DSO) huquqni himoya qilish tashkiloti bu haqida quyidagicha izoh berdi:

“So‘nggi yillarda Rossiya fuqaroligini olgan — naturalizatsiya qilingan shaxslar — yanada kuchli bosim ostiga tushmoqda. Harbiy ro‘yxatdan qochish uchun fuqarolikdan mahrum qiluvchi yangi normalar ularning maqomini shartli holga keltiradi va “tug‘ma” hamda “keyincha olgan” fuqarolar o‘rtasida huquqiy tengsizlik yaratadi. Umuman olganda, bu sohadagi qonunchilik migratsiyani tartibga solishdan ko‘ra ko‘proq nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda, uni ichki xavfsizlik masalalari bilan chambarchas bog‘layapti. 2024-yil noyabr oyida bizga 2023-yilda Rossiya pasportini olgan, O‘zbekistonlik bir shaxs belgilangan muddatda harbiy ro‘yxatga turmagani sababli fuqarolikdan mahrum qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu holat harbiy burchdan bo‘yin tovlash uchun fuqarolikdan amalda mahrum qilishning ilk misollaridan biri bo‘lib, joriy etilgan normalar shunchaki deklarativ emasligini ko‘rsatdi. Hozircha bunday qarorlar kam uchrayapti, biroq ularning mavjudligi naturalizatsiya qilingan fuqarolar orasida sezilarli noaniqlik muhitini yaratmoqda: endi ularning maqomi davlat oldidagi harbiy va boshqa majburiyatlarni bajarishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq”.

Fuqarolik olishga hujjat topshirayotgan migrantlarni ichki ishlar vazirligi xodimlari hujjatlarni qabul qilish jarayonida deportatsiya yoki fuqarolik bermaslik bilan qo‘rqitishadi. “Призыв к совести” tashkiloti huquqshunoslarining ularga kelayotgan murojaatlar asosidagi kuzatuvlariga ko‘ra: “RF fuqaroligini olishni istaganlarga soddalashtirilgan tartib — kontraktli xizmat orqali — taklif qilinmoqda. Ko‘pincha shartlar va muddatlar borasida aldashadi. Hatto migratsiya markazlarida ba’zan kontraktga rozilik haqidagi hujjatni imzolamasa, hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortishadi”.

Yangi fuqarolik olgan, lekin harbiy ro‘yxatga turmagan shaxslarga politsiya reydlar uyushtiradi, so‘ng ularga fuqaroligidan mahrum qilish bilan tahdid qilib yoki aldab shartnoma imzolashga majbur qilishadi: ularga qurilishda yoki orqa frontda ishlashni va’da qilishadi, shartnoma muddatsiz ekanini esa aytishmaydi. Bularning barchasi konstitutsiyaga zid bo‘lib, davlat zo‘ravonligi va kuch ishlatish orqali majburlashning yaqqol namunasidir.

“Призыв к совести” eslatadi:

Reydlar noqonuniy. Politsiya masshtabli ravishda odamlarni ushlab, ularni kontraktga jalb qilish yoki ro‘yxatga qo‘yish uchun harbiy komissariatga olib borishga haqli emas. Pasportni qachon olganidan qat’i nazar Rossiya fuqarolarining barchasi teng huquqli.Harbiy xizmatdan bosh tortish huquqi ham hammaga tegishli. 18–30 yoshdagi har bir erkak muddatli xizmatni kechiktirish, undan ozod bo‘lish yoki uni muqobil fuqaroviy xizmat bilan almashtirish uchun ariza berishi mumkin. Albatta, majburlab ro‘yxatga qo‘yish jarayonida bular aytilmaydi va fuqarolikdan mahrum qilish bilan qo‘rqitishadi, bu esa yangi qonunlarda mumkin bo‘lib qoldi.

Valeriya Vetoshkina ham bunga qo‘shiladi:

Bu o‘zgartirishlarni davom etayotgan harbiy harakatlar va qonunchilikning militarizatsiya qilinishi kontekstida ko‘rib chiqish kerak. Rasmiy jihatdan gap “fuqaroning majburiyatlarini buzish” haqida borayotgandek tuyuladi, ammo amalda bu choralar urushda ishtirok etishga majburlash va bosim o‘tkazish vositasiga aylanmoqda. Davlat sodiqlikni faqat so‘z bilan emas, balki xizmat qilishga tayyorlik bilan ham ifodalash talab qilinadigan modelni mustahkamlashga urinmoqda. Fuqarolikdan mahrum qilish esa eng keskin sanksiyalardan biri bo‘lib, demokratik tizimlarda faqat istisno holatlarda qo‘llanadi. Rossiyada esa u safarbarlik intizomining bir qismiga aylanmoqda. Fuqarolikni yo‘qotish asoslarining kengaytirilishi uning barqarorligiga putur yetkazadi va ayniqsa naturalizatsiya qilingan fuqarolarni juda himoyasiz guruhga aylantiradi: endi ulardan nafaqat qonunga rioya qilish, balki siyosiy yoki harbiy sodiqlik ham talab qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Rossiya migrantlar va yaqinda fuqarolik olgan shaxslarga huquqiy institutlar, migratsiya xizmati, politsiya va harbiy komissariatlar orqali bosim o‘tkazib, armiya safini to‘ldirishga urinmoqda.

“Призыв к совести” mutaxassislariga bergan savollarimizdan biri — yangi qonunlar yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan chet el fuqarolari murojaatlarining soniga qanday ta’sir qilayotgani haqida edi. Javob, afsuski, majburlash holatlarining o‘sayotganini ko‘rsatadi:

Bizga murojaat qilganlarning ayrimlarida migrantlik tajribasi borligini yoki ular chet ellik ekanini matndan aniq tushunish mumkin. Ammo agar odam boshqa masala bo‘yicha murojaat qilsa va kontekstda bu holat ko‘rinmasa, biz undan fuqaroligi, kelib chiqishi yoki huquqiy maqomi haqida so‘ramaymiz — shuning uchun rasmiy murojaatlar soni asl ko‘rsatkichdan ancha kam bo‘lishi mumkin. 2023-yilda bizga shunday mazmundagi 16 ta murojaat bo‘lgan, 2024-yilda — 115 ta, ulardan 102 tasi avgustdan yil oxirigacha. 2025-yilda esa noyabr oyigacha — 50 ta murojaat. Ya’ni asosiy cho‘qqi harbiy ro‘yxatga turish haqidagi qonun kuchga kirgan dastlabki oylariga to‘g‘ri kelgan.

“Призыв к совести”ga migrantlik tajribasiga ega odamlar yoki chet elliklardan kelayotgan murojaatlarning yarmi harbiy ro‘yxatga turmaganlik sababli fuqarolikdan mahrum qilish xavfi bilan bog‘liq. Ba’zilar allaqachon ancha oldin pasport olgan, lekin ro‘yxatga turmagan, endi esa buni qilish kerakmi-yo‘qmi deb xavotirlanmoqda. Boshqalar ro‘yxatga turish uchun borayotib, muddatli harbiy xizmatdan bosh tortish yoki majburiy safarbarlikka qarshi qanday turish haqida so‘rashmoqda. Ko‘pincha ro‘yxatga turish zarurligi haqida politsiya xabar beradi. Quyida biz «Призыв к совести»ga kelgan real huquqiy yordam so‘rovlari (asl imlo saqlangan holda)ni keltiramiz:

Fuqarolik oldim (2024-yilgacha). Rossiyadan tashqarida bo‘lganimda, (Rossiya shahri)dagi uyimizga tuman bo‘limidan politsiya xodimlari kelgan. Qoldirilgan kontaktlar bo‘yicha politsiyaga qo‘ng‘iroq qildim, ular menga ro‘yxatga turishim kerakligini, aks holda fuqarolikdan mahrum qilishlari mumkinligini aytishdi…

(Qarindoshim) fuqarolik oldi (2024-yilgacha). Harbiy ro‘yxatga turmagan. So‘nggi bir necha oy ichida mahalla noziri (qarindoshimga) ham, menga ham bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, harbiy ro‘yxatga turmaganini eslatdi. Bugun (politsiya xodimlari) kelib, erimning suratini ko‘rsatishdi va u qidiruvda ekanini aytishdi. (Jarima bilan tugadi va “V” toifali harbiy bilet berildi).

“Призыв к совести”ga yozgan odamlarning chorak qismi (chet elliklar / migrantlar / fuqarolik olganlar orasidan) — kontrakt bo‘yicha xizmatni qanday yakunlash mumkinligi haqida savol bergan. Bu odamlar dunyoning turli mamlakatlaridan: Lotin Amerikasi, Yevropa, Afrika, Markaziy Osiyo, Xitoydan. Ko‘pincha ular rus tilini umuman bilmaydi va xizmat shartlari haqida chalg‘itilgan bo‘ladi.

(Qarindoshim) umuman rus tilini tushunmaydi va bilmaydi. Tarjimon bo‘lmasdan shartnoma imzolagan. Dastlab u yerda oshpaz bo‘lib ishlayman deb o‘ylagan. Natijada hozir u asirlikda.

Bugun (harbiy komissariatda) bo‘ldim. Men bilan birga (chaqiruv tadbirlaridan) ikki nafar qora tanli fransuzcha gapiruvchi odamlar ham o‘tayotgan edi. Ularni aldash yo‘li bilan harbiy kontrakt imzolashga majburlashgan bo‘lishi mumkin. Ular ruscha bir og‘iz ham tushunmasdi, imo-ishora bilan gaplashishardi. Ularga qandaydir yordam berish mumkinmi?

Men shartnoma tuzganimdan keyin Rossiya fuqaroligini olgan chet ellikman, kontrakt muddati tugaganida ishdan bo‘shashim mumkinmi?

Meni muddatli xizmatdan bosh tortganim uchun deportatsiya qilishdi.

Men rus tilini tushunmaganim uchun jang maydonida berilgan buyruqlarni ham tushuna olmayman. Bu go‘yo ko‘zlarni bog‘lab qo‘ygandek bo‘ladi. Jangda omon qolish ehtimoli juda past.

“Призыв к совести” huquqshunoslariga migrantlik tajribasiga ega odamlar tomonidan asosan muddatli harbiy xizmatga chaqirish, ba’zida — safarbarlikdan qo‘rqish, hujjatlar shartnomani imzolamasdan qabul qilinmasligi bilan bog‘liq bo’lgan savollar.

Har safar inspektor (hujjatlardan) xato topadi… so’ng harbiy komissariatga tibbiy komissiyadan o‘tish va keyinchalik shartnoma tuzishni taklif qiladi.

Armiyaga xizmat qilish yoki shartnoma tuzishdan o‘zini himoya qilish uchun nima qilish mumkin? Quyidagi ko‘rsatmalarni o‘qing

“Призыв к совести”ning chet elliklar uchun ko‘rsatmalari — xizmatga majburlash yoki shartnoma tuzishga qarshi kurashish

Qanday qilib chaqiruvga qarshi turish mumkin:

Agar sizni fuqarolik evaziga shartnoma tuzishga majburlashayotgan bo‘lishsa, hujjatlarni qabul qilmaslik bo‘yicha yozma rad javobini talab qiling, imkon qadar xodimlarning ismi, familiyasi va lavozimini yozib oling va Telegram messenjeri orqali ushbu bepul huquqiy yordamga murojaat qiling: @agsnowarbot. (https://t.me/agsnowarbot)

Agar sizni shartnoma bo‘yicha xizmat uchun so‘rovnomani to‘ldirishga majburlashsa, “tayyor emasman” deb yozishingiz mumkin (javoblar tanlov shaklida beriladi, forma standart). Boshqa hech narsa yozmang. Shuningdek, boshqa kuni kelib ko‘rishingiz mumkin — ba’zi joylarda hamma narsa xodimga bog‘liq bo‘ladi, boshqa xodim hujjatlarni muammosiz qabul qilishi mumkin.

Agar siz til bilmasdan shartnoma tuzgan bo‘lsangiz, Harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning 33-moddasiga binoan, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan chet ellik fuqarolar Rossiya davlat tilini bilishi shart. Ushbu talabdan voz kechish qonun bilan taqiqlangan, hatto safarbarlik davrida ham, ammo amalda bu juda ko‘p uchraydi. Ushbu amaliyotni rad etishda muvaffaqiyatli misollar mavjud: 2024-yil 22-avgustda sud birinchi marta tilni bilmaganlik sababli daniyalik shaxs bilan shartnomani bekor qilgan.

Agar siz shartnoma bo‘yicha chaqirilgan va endi urushda ishtirok etishni istamaydigan chet elliklarni bilsangiz, ularga «Призыв к совести»ning huquqiy yordam botiga havolani yetkazing: @agsnowarbot (https://t.me/agsnowarbot)

Imzolangan kontraktni qanday bekor qilish mumkin

Agar siz chet ellik bo‘lsangiz va shartnomani imzolagan bo‘lsangiz, siz uchun uch xil yo‘l mavjud:

 1. Umumiy asoslarda xizmatdan bo‘shash.

 2. Vataningizga qaytishga yoki shunchaki Rossiya hududidan chiqib ketishga harakat qilish.

 3. Sud orqali shartnomani bekor qilishni talab qilish.

Quyida har bir variant haqida batafsil ma’lumot beramiz.

1. Umumiy asoslarda xizmatdan bo‘shash

Hozirgi kunda barcha shartnomalar muddatsiz. Qonunga ko‘ra, xizmatdan bo‘shash quyidagi hollarda mumkin: 65 yoshga yetganingizda, sog‘lig‘ingiz yomonlashganda yoki qamoqqa tushganda. Rad etuvchilar quyidagi ikki vaziyatda qamoqqa olinadi:

 1. Xizmat joyini 2 sutkadan ortiq ruxsatsiz tark etish,

 2. Jangovar harakatlarda ishtirok etish buyrug’ini to‘liq bajarmaslik.

Agar sizda hali Rossiya fuqaroligi bo‘lmasa (ikkinchi fuqarolik sifatida), jazoni vataningizda o‘tab berish uchun ariza berishingiz mumkin. Ammo bunday arizalar kamdan-kam hollarda qabul qilinadi.

Xizmatdan bo‘shash oson emas. Har bir bosqichda sizni kuch ishlatib frontga qaytarishga urinish ehtimoli mavjud. Siz vaziyatingizga mos materiallarimizni o‘rganishingiz va har doim savollar berishingiz mumkin.

2. Vataningizga qaytish

Ko‘pgina mamlakatlarda boshqa davlat armiyasida xizmat qilish jinoyat hisoblanadi. Ammo jinoyat kodeksida bunday modda mavjud bo‘lsa ham, uni amalda qo‘llash majburiy emas. Avvalo, sizning mamlakatingizda yollanma sifatida xizmat qilganlik uchun jinoyat javobgarligi qo‘llanadimi-yo‘qligini aniqlang. Agar amaliyot mavjud bo‘lmasa, vataningizga qaytishingiz mumkin, lekin maxsus harbiy operatsiyada (СВО) qatnashganingizni oshkor qilmaslik tavsiya etiladi.

Nepal, Hindiston va Shri-Lanka hukumatlari kontrakt imzolagan, lekin harbiy xizmatdan chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolariga yordam bergan. Bu haqida biz ommaviy axborot vositalaridan bilamiz, ro‘yxat esa ancha keng bo‘lishi mumkin. Qaytishga yordamni shaxsan yoki yaqinlaringiz va vakil orqali so‘rashingiz mumkin.

Chegarada ushlanish xavfi

Hozircha chegara xodimlarida amaldagi harbiy xizmatchilar haqida ma’lumot kam. Ammo elektron idoralararo axborot almashinuvi rivojlanishi bilan bu o‘zgarishi mumkin.

 • Agar jinoyat ishi ochilmagan bo‘lsa — albatta ketish mumkin.

 • Agar СОЧ (самовольное оставление части – harbiy qismni tark etish) bo‘yicha jinoyat ishi mavjud bo‘lsa — bu odam qidiruvda yoki qidiruvda emasligiga bog‘liq. Agar qidiruvda bo‘lsa, ushlab qolishlari mumkin.

 • Agar chegara oldida ushlashsa — jinoyat ishi endi СОЧ bo’yicha emas, balki dezertirlik bo‘yicha bo‘lishi mumkin. Ushbu modda bo‘yicha jazo muddati kamida 5 yillik qattiq tartibli koloniyadan boshlanadi.

Jinoyat ishi ochilgan yoki qidiruv bor yoki yo’qligini aniq bilib bo’lmaydi. Agar СОЧdan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa — ehtimol jinoyat ishi hali ochilmagan va ketish imkoni bor. Shuningdek, o‘zingizni davlat qidiruv bazalarida tekshirishga harakat qilishingiz mumkin: 1 va 2.

Ketgandan keyin qidiruvga beriladimi?

Hatto ketishga ulgurgan bo‘lsangiz ham, keyinchalik jinoyat ishi ochilishi va qidiruvga berilish ehtimoli mavjud. Umumiy qoidaga ko‘ra, davlat o‘z fuqarolarini boshqa davlatga jinoyat javobgarligiga topshirmaydi. Shu sababli o‘z mamlakatingizda va Rossiyaga “do‘st bo‘lmagan” mamlakatlarda nisbatan xavfsiz his qilishingiz mumkin. Rossiya kuch tuzilmalari MDH hududida ko‘pincha o‘zini erkin tutadi va o‘g‘irlash xavfi bor. Ammo chet ellik fuqarolar bilan bunday holatlar bizga ma’lum emas.

3. Kontraktni sud orqali bekor qilish

Harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning 33-moddasining 1-bandiga va Harbiy xizmat to‘g‘risidagi nizomning 5-moddasining 12-bandiga ko‘ra, shartnoma tuzgan shaxs davlat tili, ya’ni rus tilini bilishi shart.

Qonun shuningdek shartnomaning ixtiyoriy bo‘lishini ta’minlaydi, ya’ni shaxs nimani imzolayotganini tushunishi va o‘z harakatlarining oqibatlarini anglab yetishi kerak.

Sudda shaxs o‘z harakatlarining oqibatini tushunmaganini isbotlash qiyin bo‘ladi, ammo til bilmaslik faktori bilan yutib chiqish mumkin. Eng kamida bitta holat ma’lum: daniyalik shaxs kontraktni til bilmasdan imzolagani sababli bekor qilishga erishgan.

Agar shartnoma imzolanganidan beri uch oy o‘tmagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish mumkin. Agar kontrakt avvalroq imzolangan bo‘lsa — komandirga xizmatdan bo‘shash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish, so‘ng uning rad javobi yoki e’tiborsizligiga sudda shikoyat qilish kerak bo‘ladi. «Призыв к совести» yuristlari da’volar tayyorlash va ish yuritishda yordam berishga tayyor, yordamni esa ularning botida so‘rash mumkin: @agsnowarbot. (https://t.me/agsnowarbot) Murojaat har qanday tilda qoldirilishi mumkin.

Agar fuqarolikdan allaqachon mahrum qilingan bo‘lsangiz

Agar shaxs ro‘yxatga turishga tayyor bo‘lsa, fuqarolikdan mahrum qilish qarorini sudda shikoyat qilishi kerak. Mart oxirida hamkasblarimiz sud amaliyotini tahlil qilgan va ko‘pincha shikoyatlar aynan ro‘yxatga vaqtida turishga imkon bermagan holatlar bilan bog‘liq bo‘lganini aniqlashgan. Shu bilan birga, odamlar foydasiga qarorlar ham mavjud.

Shuningdek, agar shaxsning Rossiya hududida yashovchi oila a’zolaridan biri fuqarolikka ega bo‘lsa sudya Rossiyadan deportatsiyani va mamlakatga kirishni taqiqlash qarorini bekor qilishi ham mumkin.

Muhim, e’tibor bering: ro‘yxatga turish shaxsning armiyada xizmat qilishi majburiyatini anglatmaydi. Fuqarolikni keyinchalik olgan shaxslar, chaqiruvga tortilganlar, muddatli xizmatdan kechiktirish, sog‘liq sababli ozod bo‘lish yoki harbiy xizmatni muqobil fuqaroviy xizmat bilan almashtirish huquqlariga ega.

Asosiysi: o‘z huquqlaringizni himoya qilishga tayyor bo‘ling va huquqiy yordam so‘rang. Batafsil ma’lumotni hamkorlarimiz saytlarida topishingiz mumkin: «Движение сознательных отказчиков» va «Призыв к совести».

 Tarjimon: Mutabar Khushvaktova

Мнение редакции может не совпадать с точкой зрения авторо:к и геро:инь публикуемых материалов.